G’ayrat, 1x1 — bu xodimning suhbati
Xodimlar bilan munosabat o'rantishning eng zo'r uslubi haqida
Sen va unga oid masalani majlisga olib chiqarmaysan. O‘zi bilan o‘tirib gaplashasan. 1x1 degani shu.
Maqsadi — odamga maxsus vaqt ajratish. “Sen menga keraksan” degan signalni berish.
Ba’zi 1x1 larimda jamoadoshimning aniq muammosi bo‘lmaydi. Shunchaki gaplashgisi, e’tibor his qilgisi keladi. Mayli. Bu ham ehtiyoj.
Boshqa tomondan, suhbatlarda muammolarini aniqlaysan, yechim berasan. Oilasi, salomatligi va og’riqlari haqida gaplashasan.
Shaxsiy tajribamda ishga oid masalalar 15–20 daqiqada tugaydi.
Qolgani shaxsiy yoki shaxsiyatga oid mavzular bo‘ladi. Eng muhim joyi ko‘pincha shu yer. Munosabat qurasan.
Odatda xodim qancha yangi bo‘lsa, shuncha ko‘p 1x1 qilasan. Haftasiga 2 martadan boshlab, keyin oyda bir martagacha tushadi.
Top menejerlarimiz bilan o‘rtacha 10 kunda bir marta 1x1 qilaman.
Yangi menejerlar bilan esa hozircha haftasiga 2 martagacha. Taxminan 6 oygacha shunday davom etadi.
Bu — uning suhbati. 80% u gapiradi, 20% sen. Mavzuni ham, davomiyligini ham u belgilaydi. Sen moslashasan.
Bir filial direktorimiz bilan 1x1 qilganimizda, odatda 30 daqiqada tugaydigan suhbat 1,5 soat davom etdi. Boshqa joyga kechikayotgan edim. Bildirmadim. Chunki o‘sha paytda eng muhim ish — shu suhbat edi.
Ba’zi suhbatlarda xodimning yechimi o‘zida bo‘ladi. Shunchaki xotirjamlik uchun so‘raydi.
Ba’zida gapirish jarayonida o‘zi topadi. Sen esa eshitib turasan.
Xulosa oddiy:
Rahbar bo‘lsang — suhbatga vaqt ajrat.
Shunda jamoa o‘sadi. Jamoa o‘ssa, biznes o‘sadi
Abdulloh Shamsiddin
Menejment bo'yicha ekspert va murabbiy. Professional konsultant.