G‘ayrat, kutilmalarni boshqarish natijaga jiddiy ta’sir qiladi
Safardamiz. Sal kam 10 soat yo‘l yurib, mehmonxonaga 16:00 ga yetib keldik. 50 kishi. Hammaning kutilmasi — xonalarga kirib, biroz dam olish, undan keyin esa…
Abdulloh ShamsutdinovRahimov School hammuassisi va operatsion direktoriSafardamiz. Sal kam 10 soat yo‘l yurib, mehmonxonaga 16:00 ga yetib keldik. 50 kishi.
Hammaning kutilmasi — xonalarga kirib, biroz dam olish, undan keyin esa rejadagi ziyoratlarni boshlash.
Yuklarimizni qabulxonaga to‘plashimizni va xonalarni 2 soatdan keyingina tarqatishlarini xabar berishdi.
Kayfiyatga ta’sir qilmay qolmadi. Ayniqsa, jamoadagi yoshi kattalarga. Kimdir aytdi, kimdir sinovga jim rozi bo‘ldi. Charchoq va biroz norozilik (ba’zilarda) bilan ziyorat boshlandi.
Kasbimdan kelib chiqib, nima qilib jarayonni yaxshilash mumkinligi haqida o‘ylab ko‘rdim.
Xonalarni ertaroq olish ilojsiz, chunki kirish-chiqish o‘rtasida tozalashga vaqt kerak.
Hammani sabr qilishini kutish ham soddalik bo‘ladi. Demak, voqelikni o‘zgartirmasdan yechim qilish kerak.
Odamlar nimadan norozi bo‘lgani haqida o‘yladim. Kutgan narsalari bo‘lmaganidan ekan. Unda, kutuvni o‘zgartirish mumkin edimi?
Ha, albatta. Uchoqda, barchaning kayfiyati yaxshiligidan foydalanib, yetib borish bilan mehmonxonaga joylashilmasligini, ziyoratdan boshlab turilishini aytish mumkin edi.
Shunda ham qabul qilishlari ancha oson bo‘lardi va odamlar o‘zini shu ssenariyga moslab kelardi. Kimdir ko‘proq uxlab olardi, masalan. Xullas, “sovg‘a” bo‘lmasdi.
Biz o‘zimiz ham maktablarimiz boshqaruvida kutilmalarni boshqarishga jiddiy e’tibor qilamiz.
Masalan, ta’til, yangi tartib, o‘zgarish yoki biror kechikishni e’lon qilish vaqtlariga jiddiy e’tibor qilamiz.
Jamoa kayfiyati yaxshi bo‘ladigan yoki avval xursand qilib, keyin to‘g‘ri qabul qiladi, deb ishongan vaqtlarimizda chiqaramiz.
Taniqli yirik tadbirkor Zafar Hoshimov ham bir treningda “boshqaruv — kutilmalarni boshqarish” deb aytgan edilar.
Demak, voqelikni o‘zgartirolmas ekanmiz, kutilmani to‘g‘rilash kerak.
Bu oy ziyon ko‘riladimi? Oldindan investorlarga xabar berish.
Ishdan bo‘shatishing aniq bo‘lib qoldimi? Xodimni ogohlantirib borish.
Kechikish bo‘lishi kutilayaptimi? Jamoaga avvaldan sababi bilan tushuntirish kerak.
Ro‘yxat uzun. Bu senga fikrlash algoritmi, o‘zing boshqa vaziyatlarga ham qo‘llashing mumkin.

O‘xshash maqolalar
G‘ayrat, muammo ishda emas
Bir xodimimiz ish ko‘pligi va stress haqida bir necha marta gapirdi. Vaqt boshqaruvi haqida tavsiyalar berdim. Stressni kamaytirish haqida gaplashdik. Yechimlar…
G‘ayrat, ba’zilar yakshanbani uxlab o‘tkazadi
Shuning uchun ham ularning hayoti deyarli o‘zgarmaydi. Rivojlanmoqchi inson uchun esa yakshanba — yetib olish kuni. Hafta ichida ulgura olmagan ishlaringni…
G‘ayrat, ta’til berilmaydi — olinadi*.
Yilda kamida ikki marta, 7 kundan bo‘lsa ham dam ol. Ishlar qolib ketishidan qo‘rqma. Yo‘qliging jamoani mustaqil qiladi. Qaysi ishni bekorga yelkangda ko‘tarib…