G‘ayrat, yaxshi odamni ham buzma
Bir yaxshi inson bilan oshna-og‘ayni, tanish-bilish bo‘lish boshqa, biror jiddiy hamkorlik qilish boshqa narsa. “Falonchi yaxshi bola”, “akamdek/ukamdek…
Abdulloh ShamsutdinovRahimov School hammuassisi va operatsion direktoriBir yaxshi inson bilan oshna-og‘ayni, tanish-bilish bo‘lish boshqa, biror jiddiy hamkorlik qilish boshqa narsa.
“Falonchi yaxshi bola”, “akamdek/ukamdek ishonaman”, “u bunaqa qilmaydi” deb jiddiy ishni shartlarini gaplashmasdan boshlab yuborma.
Sherikchilik, ijara, ishga olish yoki katta loyihada hamkorlik bo‘ladimi — boshidan o‘yin qoidalarini-shartlarni aniq qilib ol.
Kim nima qiladi? Foyda qanday bo‘linadi? Zarar bo‘lsa nima qilamiz? Bir tomon chiqib ketmoqchi bo‘lsa-chi?
Bularni ish o‘xshab, bir-biringga bog‘lanib bo‘lgandan keyin emas, hali bemalol “yo‘q” deyish mumkin bo‘lgan paytda gaplashish kerak.
Chunki janjallarning ko‘pi odam yomon bo‘lgani uchun bo‘lmaydi.
Ikki tomon bir narsani ikki xil tushunib yurgani uchun bo‘ladi.
Masalan, ikkita odam biznes boshladi. Ikkalasi ham yaxshi niyatda.
“Pul birinchi o‘rinda emas.”
“Xudo uchun qilamiz.”
“Birga katta ish qilamiz.”
Bularni aytish oson. Endi foyda chiqsin.
Biri ichida 50/50 deb yurgan bo‘ladi, ikkinchisi 70/30 deb.
Biri: “Men pul qo‘shganman”, deydi.
Ikkinchisi: “Men hamma ishni qildim”, deydi.
Mana janjal.
Hech kim boshida yolg‘on gapirmagan bo‘lishi ham mumkin. Shunchaki, gaplashilmagan joyni har kim o‘zicha tushunib yurgan.
Shuning uchun ish boshlashdan oldin aynan eng noqulay masalalarni gaplashib ol.
Qizig‘i, odam boshidan bir shartni bilib turib qabul qilsa, keyin unga amal qilish ehtimoli ham ancha yuqori bo‘ladi.
Sababi oddiy. Ertaga unga yangi qoida chiqarib bermayapsan. Boshida o‘zi rozi bo‘lgan gapni eslatyapsan.
Shuning uchun eslatish ham normal.
“Men bunaqa deb o‘ylamagandim.”
“Boshida bu gap yo‘q edi.”
“Agar bilganimda kirmasdim.”
degan gaplar kamayadi.
Yana aniq shartlar faqat u tomonni tiyib turmaydi.
Seni ham tiyib turadi.
Odam haftada uch kun ishlashga rozi bo‘lgan bo‘lsa, keyin kayfiyatingga qarab undan yetti kun ishlashni kutmaysan.
Sherigingning vazifasi boshida aniq bo‘lsa, keyin hamma ishni uning bo‘yniga osavermaysan.
Ya’ni kelishuv faqat u tomonni chegaralash emas. O‘zing aslida undan nimani kutishing kerakligini ham to‘g‘irlab turadi.
Shuning uchun yaxshi shartnomaning eng katta foydasi sudda hujjat ko‘rsatish emas.
Eng katta foydasi — surprizni kamaytiradi.
Ertaga nima chiqishi mumkinligini ikkala tomon ham oldindan biladi.
“Biz bir-birimizga ishonamiz, shartnoma shart emas”, degan gapni ko‘p eshitamiz.
Lekin ishonch degani gaplashilishi kerak bo‘lgan narsani gaplashmaslik degani emas-da.
Kitobda hatto vaqtincha qarz berilganda ham muddatini aniq qilib, yozib qo‘yish aytilgan.
Biz esa ba’zan yuz minglab dollarli ishni:
“Yaxshi bola ekan.”
deb birga boshlab yuboramiz.
Kattalarimiz hatto ustoz tanlashda ham shoshilmay, yaxshilab surishtirishni aytadi.
Biz esa pul, mulk, ulush aralashgan ishni ba’zan ikki marta ko‘rgan odam bilan boshlayveramiz.
Yana bir narsani tajribamda ko‘rganman.
Shartlarni gaplashish odamning aslini juda tez ochib beradi.
“Pul muhim emas”, deyish oson — foydani bo‘lishga kelganda ko‘rinadi.
“Men oxirigacha sen bilanman”, deyish oson — chiqib ketish shartini gaplashganda ko‘rinadi.
“Bir-birimizga ishonamiz”, deyish oson — kim nimaga javob berishini aniq qilishga kelganda ko‘rinadi.
Balki shuning uchun ham odamlar bu suhbatlardan qochadi.
Noqulay-da.
Chunki shartlarni stolga qo‘ysang, u tomonning ham, o‘zingning ham aslida nima kutayotganing chiqib keladi
Lekin hozirgi o‘n daqiqalik noqulay suhbat, keyingi o‘n yillik janjaldan karrasiga arzon.
Xullas, G‘ayrat, odamga ishonasan, albatta.
Lekin “ishonaman” deb gaplashilishi kerak bo‘lgan gaplarni keyinga qoldirma. Ayniqsa yaqin odaming bilan.
Chunki boshida o‘n daqiqa noqulay gaplashmaganing uchun,
keyin o‘n yil yaxshi ko‘rgan odaming bilan urishib yuz ko‘rmas bo‘lib ketishing mumkin.
Oila qurishda ham shu qoida. Alohida yozdim.

O‘xshash maqolalar
G‘ayrat, sen biznesdan chiqishni istamaysan
Bir safar oyiga $5–10 ming topayotgan tadbirkorlar klubi uchrashuviga oddiy mehmon sifatida taklif qilishdi. 30 ga yaqin tadbirkor yig‘ilgan ekan. Deyarli hech…
G‘ayrat, xodim bo‘lish kuchsizlik emas
Ukalarimizdan biri 5 yildan beri xodim bo‘lib ishlaydi. Qo‘lidan real ish keladi. Katta mas’uliyatli vazifalarni bemalol ishonib topshirsa bo‘ladi. Evaziga…
G‘ayrat, katta gapirma
Bir ota maktab bilan tanishishga kelib: — Maktab ochishdan maqsadinglar nima? — deb so‘radi. Biznes. Pul topish. Tirikchilik, — dedim. — Iya, ta’limdan maqsad…