G‘ayrat, sen biznesdan chiqishni istamaysan
Bir safar oyiga $5–10 ming topayotgan tadbirkorlar klubi uchrashuviga oddiy mehmon sifatida taklif qilishdi. 30 ga yaqin tadbirkor yig‘ilgan ekan. Deyarli hech…
Abdulloh ShamsutdinovRahimov School hammuassisi va operatsion direktoriBir safar oyiga $5–10 ming topayotgan tadbirkorlar klubi uchrashuviga oddiy mehmon sifatida taklif qilishdi.
30 ga yaqin tadbirkor yig‘ilgan ekan. Deyarli hech birini tanimaganim uchun bir chetda o‘tirib, suhbatlarini tingladim.
Gap asosan biznesni tizimlashtirish va operatsion boshqaruvdan chiqish haqida ketdi.
Bir tadbirkor:
«Biznesni tizimlashtirdim. Endi mazza qilib dam olyapman, sayohatlarga boryapman», — deb maqtandi.
Qolganlarning aksariyati ham operatsion boshqaruvdan chiqib, bemalol dam olishni orzu qilayotgan ekan.
Shunda o‘ylab qoldim:
Bular rostdan ham ishlamaslikni istashyaptimi yoki bizneslaridagi tartibsizlikdan charchashganmi?
Chunki biznesi yaxshi pul topayotgan, lekin egasiga tinchlik bermayotgan o‘nlab tadbirkorlarni taniyman.
Jamoasi kuchsiz. Rahbarlari mustaqil qaror qabul qilolmaydi. Hamma muhim ish o‘ziga bog‘lanib qolgan.
Xodim ketib qolsa — o‘zi yuguradi.
Savdo tushib ketsa — o‘zi aralashadi.
Mijoz norozi bo‘lsa — o‘zi hal qiladi.
Bir haftaga ta’tilga chiqsa, qaytganida bir oylik muammo kutib turadi.
Biznesi oyiga $10 ming foyda beradi. Lekin oilasi bilan xotirjam o‘tirolmaydi, sayohatda ham telefondan boshi chiqmaydi.
Oxiri biznesidan bezadi. Hamma ishni topshirib, dam olib yurishni orzu qiladi.
G‘ayrat, sen biznesdan emas, biznesingda o‘zingga yaratib olgan ish joyingdan charchagansan.
Buning yechimi biznesdan uzoqlashish emas, uni boshqacha boshqarish.
Biznes kattalashgani sari egasining vazifasi ham o‘zgarishi kerak.
Avval xodimlarni boshqargan bo‘lsa, endi rahbarlarni boshqaradi.
Avval muammolarni o‘zi hal qilgan bo‘lsa, endi ular takrorlanmaydigan tizim quradi.
Avval kundalik ishlar bilan band bo‘lgan bo‘lsa, endi kuchli rahbarlarni o‘stirish, yangi loyihalarni boshlash va strategik qarorlar qabul qilish bilan shug‘ullanadi.
Operatsion boshqaruvdan chiqish — ishlamay qo‘yish emas, boshqa darajadagi ishga o‘tish.
Biz ham bizneslarimizni shunday boshqarishga intilamiz.
Sportga, sayohatga, oilaga vaqt ajratamiz, shukr. Lekin biznesni rivojlantirish ustida ishlashdan to‘xtaganimiz yo‘q.
Chunki biz uchun biznesning eng qiziqarli tomoni kundalik muammolarni hal qilish emas, kuchli jamoa qurish, yangi imkoniyatlarni topish va katta maqsadlarga erishish.
Albatta, kimdir biznesini butunlay topshirib, boshqa ish bilan shug‘ullanishni yoki umuman ishlamaslikni istashi mumkin. Bu ham tabiiy.
Lekin sen biznesingdagi tartibsizlikdan charchagan bo‘lsang, avval o‘sha tartibsizlikni bartaraf qil.
Kuchli rahbarlarni o‘stir, vakolatlarni topshir, biznesingni o‘zingsiz ham yaxshi ishlaydigan darajaga olib chiq.
Keyin o‘zingdan so‘ra: hali ham biznesdan ketishni istaysanmi?

O‘xshash maqolalar
G‘ayrat, xodim bo‘lish kuchsizlik emas
Ukalarimizdan biri 5 yildan beri xodim bo‘lib ishlaydi. Qo‘lidan real ish keladi. Katta mas’uliyatli vazifalarni bemalol ishonib topshirsa bo‘ladi. Evaziga…
G‘ayrat, yaxshi odamni ham buzma
Bir yaxshi inson bilan oshna-og‘ayni, tanish-bilish bo‘lish boshqa, biror jiddiy hamkorlik qilish boshqa narsa. “Falonchi yaxshi bola”, “akamdek/ukamdek…
G‘ayrat, katta gapirma
Bir ota maktab bilan tanishishga kelib: — Maktab ochishdan maqsadinglar nima? — deb so‘radi. Biznes. Pul topish. Tirikchilik, — dedim. — Iya, ta’limdan maqsad…