Asosiy mazmunga o‘tish
Biznes va mijoz3 daqiqa o‘qish

G‘ayrat, xodim bo‘lish kuchsizlik emas

Ukalarimizdan biri 5 yildan beri xodim bo‘lib ishlaydi. Qo‘lidan real ish keladi. Katta mas’uliyatli vazifalarni bemalol ishonib topshirsa bo‘ladi. Evaziga…

Abdulloh ShamsutdinovRahimov School hammuassisi va operatsion direktori

Ukalarimizdan biri 5 yildan beri xodim bo‘lib ishlaydi.

Qo‘lidan real ish keladi. Katta mas’uliyatli vazifalarni bemalol ishonib topshirsa bo‘ladi.

Evaziga yaxshi haq oladi. Bonuslari bilan oyiga $4 000 dan ko‘proq topadi.

Yaqinda tadbirkor tanishlaridan biri unga o‘zi saviyasidagi ayrim yigitlarni misol qilib, tadbirkor bo‘lishni tavsiya qilibdi.

Ukamiz esa bundan salohiyatli odamning xodim bo‘lib ishlashi — kuchsizlik, tadbirkor bo‘lishi esa kuchlilik, degan xulosa chiqaribdi.

U tadbirkor nima maqsadda gapirganini bilmayman. Lekin ukamizning xulosasi noto‘g‘ri.

Unga bir nechta narsani tushuntirdim.

Birinchidan, biznesga egalik qilish va uni yaxshi boshqarish — boshqa-boshqa qobiliyatlar.

2025-yilda AQShning eng yirik 500 kompaniyasidan atigi 24 tasini o‘z asoschisi boshqargan. Qolgan 476 tasini kompaniyaga asos solmagan rahbarlar boshqargan.

Shu odamlarni ham «qachongacha birovga ishlaysan?» deb kuchsiz deymizmi?

Ikkinchidan, tadbirkorlik ko‘proq pul topish kafolati emas.

NBERning 2025-yilgi tadqiqot sharhiga ko‘ra, AQShda asosan o‘zini o‘zi ish bilan ta’minlaganlarning 57 foizi o‘ziga o‘xshash yollanma xodimlardan kamroq daromad topgan.

O‘zbekistonda ham bozor shakllangani sari ayni shu tendensiya bo‘lyapti. Asos xodimlar biznes egalaridan ko‘p daromad topyapti.

Bu tadbirkorlikda katta pul topib bo‘lmaydi degani emas. Lekin biznes ochgan odam albatta ko‘proq topadi, degan qarash ham noto‘g‘ri.

Biznesi o‘xshamasdan, qarzga botgan, tushkunlikda yashayotganlar son mingta. Ular mediaga chiqib intervyu bermaydi, uka.

Uchinchidan, kuchli tadbirkorga kuchli xodimlar kerak.

Sherigim Aziz Rahimov — bir vaqtning o‘zida do‘stim, ustozim va akam boshchiliklarida 400 kishiga yaqin jamoani boshqaramiz.

Biznes kattalashgan sari bir narsaga amin bo‘lyapmiz: hamma ishni o‘zimiz qilishga na vaqtimiz, na kuchimiz, na bilimimiz yetadi.

Misol uchun, shu yil:

— 100 dan ortiq xodim ishga oldik. Buning ortida 7–8 mingga yaqin ariza va minglab suhbatlar turibdi.

— Maktablarimizga 700 dan ortiq yangi o‘quvchi qabul qildik. Buning uchun 30 mingga yaqin lid bilan ishlandi.

Shu jarayonlarning o‘zida 30 ga yaqin jamoadoshimiz katta mehnat qildi.

Bu faqat ikkita misol.

Maktablarimizda har kuni yuzlab o‘quvchilarga ta’lim berayotgan ustozlarimiz, akademik jamoamiz, maktablar boshqaruvi, moliya, qurilish-ta’minot, IT va boshqa bo‘limlarimiz ham o‘z yo‘nalishida katta ishlarni bajaryapti.

Bularning hammasini faqat biz ikkalamiz qilayotganimiz yo‘q. Qilolmasdik ham.

Jamoadoshlarimiz qilyapti!

Ularning aksariyati o‘z vazifasini bizdan yaxshiroq bajaradi. Shuning uchun ham o‘sha ishlarni ularga ishonib topshirganmiz.

Shunday odamlarni faqat birovga ishlayotgani uchun kuchsiz deyish qanchalik to‘g‘ri?

Vaholanki, kuchsiz tadbirkorlar ham bor, kuchli xodimlar ham. Buning aksi ham bor.

Tadbirkor bo‘lmoqchimisan — bo‘l. Lekin kimdandir kuchli ekaningni isbotlash uchun emas, shu ishni haqiqatan xohlaganing uchun bo‘l.

Xodim bo‘lib ishlamoqchimisan — ishla. O‘z sohangning zo‘ri bo‘l. Biliming, mas’uliyating va natijang bilan qadrlanadigan darajaga chiq.

Messi «Barcelona»da yulduz bo‘ldi. Lekin klub uning mulki emasdi. O‘zi esa bu yil Ispaniyadagi «UE Cornellà» klubini sotib oldi.

O‘z klubi bo‘lmasa ham hech kim unga «qachongacha birovning klubida o‘ynaysan?» demasdi.

Chunki uning qadri klubga egalik qilishida emas, maydonda qanday o‘ynashida.

Biznesda ham shunday. Muhimi, o‘ynayotgan maydoning seniki bo‘lishi emas. O‘sha maydonda senga berilgan vazifani qoyillatishing.

Telegramdagi asl post
Ulashish:
Abdulloh Shamsutdinov

Muallif

Abdulloh Shamsutdinov

Rahimov School hammuassisi va operatsion direktori

Muallif haqida
Biznes va mijoz

G‘ayrat, sen biznesdan chiqishni istamaysan

Bir safar oyiga $5–10 ming topayotgan tadbirkorlar klubi uchrashuviga oddiy mehmon sifatida taklif qilishdi. 30 ga yaqin tadbirkor yig‘ilgan ekan. Deyarli hech…

2 daqiqa
Biznes va mijoz

G‘ayrat, yaxshi odamni ham buzma

Bir yaxshi inson bilan oshna-og‘ayni, tanish-bilish bo‘lish boshqa, biror jiddiy hamkorlik qilish boshqa narsa. “Falonchi yaxshi bola”, “akamdek/ukamdek…

3 daqiqa
Biznes va mijoz

G‘ayrat, katta gapirma

Bir ota maktab bilan tanishishga kelib: — Maktab ochishdan maqsadinglar nima? — deb so‘radi. Biznes. Pul topish. Tirikchilik, — dedim. — Iya, ta’limdan maqsad…

1 daqiqa