Asosiy mazmunga o‘tish
Ishga olish2 daqiqa o‘qish

G‘ayrat, qarindoshlar ish so‘rasa

Tadbirkor ukalarimizdan biri aytib qoldi: — Qarindoshlar farzandini, jiyanini ishga yoki hech bo‘lmasa shogirdlikka olib qo‘y, deb ko‘p iltimos qilishyapti.…

Abdulloh ShamsutdinovRahimov School hammuassisi va operatsion direktori

Tadbirkor ukalarimizdan biri aytib qoldi:

— Qarindoshlar farzandini, jiyanini ishga yoki hech bo‘lmasa shogirdlikka olib qo‘y, deb ko‘p iltimos qilishyapti. Ba’zisi hali yosh, ba’zisi bizga kerak bo‘lgan narsalarni bilmaydi. Yo‘q desam xafa bo‘lishadi.

— Unda shogird olishni tartibini ham aniq qilib qo‘ying, dedim.

Masalan, shogird bo‘lish uchun yosh, til, bilim bo‘yicha talablar bo‘lsin.

Keyin kimdir jiyanini olib kelmoqchi bo‘lsa:

“Falonchi aka, bizda talablar shunaqa. Shu talablarga tushsa, albatta olamiz”, deysiz.

— “Qo‘y shu tartibingni, jiyanimni olaver, uka”, deyishsa-chi?

— Unda ham yo‘q deysiz.

Xafa bo‘ladimi?

Bo‘ladi.

Lekin tartib borligini bilib xafa bo‘lish bilan, “qo‘lidan kelardi, shunchaki meni iltimosimni qilmadi”, deb xafa bo‘lish bir xil emas.

Shuning uchun tartib faqat ishxonani emas, sizni ham himoya qiladi.

Bizda ham qarindoshlar ish so‘rab turadi. Ko‘pida shu usulda javob beraman.

Aslida qarindosh bilan ishlashning o‘zida umuman muammo yo‘q.

Ishini eplaydigan, mas’uliyatli qarindoshdan juda zo‘r xodim chiqishi ham mumkin.

Muammo — qarindoshligi uchun ishga kirishda ham, keyin ishning o‘zida ham unga boshqalardan yengilroq qaralganda boshlanadi.

Bugun bir marta “ha” deb holangni yoki tog‘angni xafa qilmasliging mumkin.

Keyin o‘sha jiyaning ishini eplay olmasa, uning o‘rniga boshqalar ishlaydi. Jamoa qiynaladi. Mijozlar qiynaladi. Oxiri gap rahbarga — senga keladi.

Eng yomoni, baribir bir kun uni ishdan bo‘shatishingga to‘g‘ri keladi.

Shunda bugun xafa qilmaslik uchun qilgan qaroring, ertaga undan ham ko‘proq xafa qiladigan qaror qilishga majbur qiladi.

Shuning uchun qarindoshni hafa qilishdan emas, qarindosh uchun tartibni buzishdan ko‘proq qo‘rqish kerak.

Faqat qarindosh bo‘lgani uchun olma.

Faqat qarindosh bo‘lgani uchun rad ham qilma.

Talabga tushsa — ol.

Tushmasa — yo‘q de.

Bir qarindoshning sendan vaqtincha xafa bo‘lgani, butun jamoaning “bu yerda tanish-bilish ekan” deb qolganidan yaxshiroq.


Tadbirkor, marketolog do‘stlarimizdan biri Akbar podkastga chiqibdi, ko‘rishni tavsiya qilaman.

Telegramdagi asl post
Ulashish:
Abdulloh Shamsutdinov

Muallif

Abdulloh Shamsutdinov

Rahimov School hammuassisi va operatsion direktori

Muallif haqida