G‘ayrat, talabchan bo‘l, qattiqqo‘l emas
Shogird ukalarimizdan biri bir korxonada rahbar bo‘lib bir necha yil ishladi. Topishi yaxshi edi — oyiga $2500 dan oshardi. Ishga kirganiga bir yil bo‘lganida…
Abdulloh ShamsutdinovRahimov School hammuassisi va operatsion direktoriShogird ukalarimizdan biri bir korxonada rahbar bo‘lib bir necha yil ishladi. Topishi yaxshi edi — oyiga $2500 dan oshardi.
Ishga kirganiga bir yil bo‘lganida rosa qiynalib ketganini aytib, maslahat so‘radi. O‘shanda rahbarining qo‘polligi sabab u yerda baribir uzoq ishlay olmasligini aytgandim.
Keyin rahbari qolishini iltimos qilib, ayrim narsalarni o‘zgartirishga va’da berdi. Ukamiz yana bir yil ishlab ko‘rishga rozi bo‘ldi. Ko‘pga bormadi.
Yaxshi pul topish bilan xotirjam ishlash o‘rtasida tanlov bo‘lganda, xotirjamlikni tanladi. To‘g‘ri ham qildi.
Ketish oson emas, bilaman. Oila bor, majburiyat bor. Lekin kuchli odam baribir bir kun ketadi — kechroq ketadi, xolos.
Qo‘pol rahbar esa shu fe’li bilan doim odam yo‘qotadi. Kuchli jamoa atrofiga yig‘ilmaydi. Yig‘ilsa ham uzoq qolmaydi. Ko‘pincha muammo xodimlarda emas, rahbarning o‘z fe’lida bo‘ladi.
Qattiqqo‘llik bilan talabchanlik bir narsa emas.
Rahbar talabchan bo‘lishi kerak. Kelishilgan ish bajarilmadimi — hisob so‘raydi. Muddat o‘tdimi — eslatadi. Yana takrorlandimi — chorasini ko‘radi.
Lekin buning uchun baqirish shart emas. Odamni yerga urish, qo‘rqitish, jahlda gapirish ham shart emas.
Talabchanlik — kelishilgan narsani chiroyli, lekin qat’iy talab qilish. Qattiqqo‘llik esa to‘g‘ri narsani noto‘g‘ri usulda talab qilish.
Farqi shunda:
— Necha marta aytaman?!
— Kelishgandik, bajarilmadi. Sabab nima?
— Shuni ham qilish qiyinmi?!
— Nima xalaqit berdi? Keyingi safar bunday bo‘lmasin.
— Men aytdimmi, bo‘ldi!
— Qarorim shu. Nega bunday qilayotganimizni tushuntiray.
Ikkinchi gaplar yumshoqroq eshitiladi, lekin talabi aniqroq. Chunki ularda javob berish kerak. Baqirganingda esa odam ko‘pincha faqat qo‘rqadi.
“Yumshoq gapirsam, gapim o‘tmay qoladi-ku”, deyishing mumkin.
Yo‘q. Gaping o‘tishi ovozingga emas, ish bajarilmaganda nima qilishingga bog‘liq.
Ish bajarilmasa-yu, hech narsa bo‘lmasa, qancha baqirma — baribir gaping o‘tmaydi.
Bajarilmagan ish javobsiz qolmasa, baqirishga hojat yo‘q.
Xullas, talabning kuchi ovozda emas, oqibatda.
Rahbar qancha kuchli bo‘lsa, shuncha kam baqiradi.
Chunki kuch baland ovozda bo‘lganida, eshak eng ta’sirli hayvonlardan bo‘lardi. Kuch gavdada bo‘lganida esa tuyani biz emas, tuya bizni boshqarardi.
Rahbarni kuchli qiladigan narsalar boshqa: aytdimi — ustidan chiqadi. Odamlarni o‘zidan past ko‘rmaydi. Kerak joyda eshitadi. Bir tomonning gapiga qarab hukm qilmaydi, narigi tomonni ham eshitadi.
Eng muhimi, baqirmasdan ham talabini o‘tkaza oladi.
Shuning uchun, rahbar bo‘lib yumshoq gapirishdan qo‘rqma.
Ovozing yumshoq bo‘lishi mumkin. Talabing yumshoq bo‘lmasin.

O‘xshash maqolalar
G‘ayrat, o‘zingni qiynama
Shogird ukalarimizdan biriga kattaroq mas’uliyatli, boshqa menejerlar bilan ko‘proq ishlashni talab qiladigan vazifa bergan edik. Ishga katta ishtiyoq bilan…
G‘ayrat, yomon ma’lumot tez tarqalsa — yaxshi
Ba’zida jamoadoshlardan ba’zilari muammoni rahbariga emas, umumiy guruhga yozadi. Aksar rahbarlar shu joyda “O‘zimga yozsangiz bo‘lardi-ku…” deb xodimni…
G‘ayrat, yangi xodimingga mutlaq ishonishing kerak
Intervyuda ikkilangan bo‘lsang ham ishga olding. Endi unga to‘liq ishonishing, eplab ketishiga yordam berishing shart. Aksiga, eplolmasligidan qo‘rqib, har…