G‘ayrat, o‘zingni qiynama
Shogird ukalarimizdan biriga kattaroq mas’uliyatli, boshqa menejerlar bilan ko‘proq ishlashni talab qiladigan vazifa bergan edik. Ishga katta ishtiyoq bilan…
Abdulloh ShamsutdinovRahimov School hammuassisi va operatsion direktoriShogird ukalarimizdan biriga kattaroq mas’uliyatli, boshqa menejerlar bilan ko‘proq ishlashni talab qiladigan vazifa bergan edik.
Ishga katta ishtiyoq bilan kirishdi. Kechalari bilan o‘qidi, o‘rgandi, ko‘plab rejalar tuzdi.
Ammo rejalarni amalga oshirishda qiynaldi. Boshqa menejerlar savollariga vaqtida javob bermasdi, ayrim tashabbuslariga qarshilik bo‘layotgandek tuyulardi.
Natijada o‘nta g‘oyasidan atigi ikki-uchtasini amalga oshira oldi. Hafsalasi pir bo‘la boshladi.
Biz o‘sha payt safarda edik. Biz bilan gaplasha olmagach, muammolarini boshqa hamkasblari va o‘rtoqlari bilan muhokama qilib yurdi.
Biri bir kamchilikni aytdi, boshqasi yana birini. Suhbatlar ko‘paygan sari norozilik ham ortib bordi.
Oxiri ishga katta ishtiyoq bilan kirishgan ukamiz o‘z ishxonasidan bezish darajasiga yetdi.
Safardan qaytgach, vaziyatni o‘rgandim. Ukamizni chaqirib, yaxshilab gaplashdik.
Avvalo, o‘nta g‘oyadan ikki-uchtasini amalga oshirish ham yutuq ekanini tushuntirdim.
Yangi vazifaga kelgan odamning hamma taklifini birdaniga qabul qilishmaydi. Avval ikki-uchta o‘zgarishni joriy qilib, natijasini ko‘rsatish kerak. Odamlar foydasini ko‘rgan sari ishonchi ortadi, keyingi takliflarni qabul qilishlari ham osonlashadi.
Ishonch talab qilib olinmaydi, natija bilan qozoniladi.
Keyin unga avval o‘rgatmagan yana bir muhim narsamizni tushuntirdim.
Ukam, muammolarni boshqalar bilan maslahatlashishing yomon emas. Lekin kim bilan, nima maqsadda gaplashayotganingga e’tibor ber.
Agar suhbatdoshing vaziyatni to‘liq bilmasa, muammoni hal qilishga vakolati ham bo‘lmasa, suhbatlaring eng kamida aqliy salomatliklaringga ziyon bo‘ladi.
Birgalashib o‘nta kamchilikni sanashingiz mumkin. Lekin bundan bittasi ham hal bo‘lmasa, nima foyda?
Muammolarni vaqtida bizga yoki ularni hal qilishga mas’ul odamlarga olib chiqsang, ayrimlarini hal qilamiz, ayrimlarining sababini tushuntiramiz. Qolganlariga birgalikda yechim izlaymiz.
G‘ayrat, seni tushunadigan odam bilan muammongni hal qiladigan odam har doim ham bir kishi emas.
Ba’zan dardingni aytib yengil tortasan. Lekin bir muammoni yechishga aloqasi bo‘lmagan odamlar bilan qayta-qayta muhokama qilaversang, noroziliging ortib, o‘zingni battar qiynaysan.
Muammo chiqdimi, shikoyatdosh qidirma. Uni hal qilishga mas’ul odamga olib chiqishga odatlan. Shunda ham o‘sasan, ham xotirjamroq ishlaysan.

O‘xshash maqolalar
G‘ayrat, talabchan bo‘l, qattiqqo‘l emas
Shogird ukalarimizdan biri bir korxonada rahbar bo‘lib bir necha yil ishladi. Topishi yaxshi edi — oyiga $2500 dan oshardi. Ishga kirganiga bir yil bo‘lganida…
G‘ayrat, yomon ma’lumot tez tarqalsa — yaxshi
Ba’zida jamoadoshlardan ba’zilari muammoni rahbariga emas, umumiy guruhga yozadi. Aksar rahbarlar shu joyda “O‘zimga yozsangiz bo‘lardi-ku…” deb xodimni…
G‘ayrat, yangi xodimingga mutlaq ishonishing kerak
Intervyuda ikkilangan bo‘lsang ham ishga olding. Endi unga to‘liq ishonishing, eplab ketishiga yordam berishing shart. Aksiga, eplolmasligidan qo‘rqib, har…