G‘ayrat, bo‘shatishni cho‘zma. Bo‘shatdingmi — berkitma
Ishdan bo‘shatishdagi takrorlanadigan xatolar haqida
Abdulloh ShamsutdinovRahimov School hammuassisi va operatsion direktoriO‘ziga aytdingmi — tamom. Endi jamoaga ham vaziyatni cho‘zmasdan, ochiq ayt.
Sababini mayda-chuydasigacha tushuntirish shart emas.
Lekin ketganini aniq bildir. Sukut mish-mish tug‘diradi. Mish-mish esa ishonchni yemiradi.
Xodimning bo‘shatilishi va o‘zi ketishi jamoaga ikki xil signal beradi.
Bo‘shatilgan xodim — bu kompaniyada tartib, talab va standart bor degani.
O‘zi ketgan xodim esa ko‘pincha ichkarida muammo yoki adolatsizlik bor degan taxminni uyg‘otadi. Ayniqsa kuchli kadr ketgan bo‘lsa.
Ba’zi xodimlarni vaqtida bo‘shatmasang, o‘zi ketib qoladi.
Va jamoada: “Shuni ham olib qololmadi”, degan gap tarqaladi.
O‘zingga savol ber:
– Bir necha marta ketkazish haqida o‘yladingmi? Ketkaz.
– Ko‘pchilik bilan chiqisholmayaptimi? Ketkaz.
– Rahbariga muloyim, jamoaga qo‘polmi? Ketkaz.
– Qayta ishga olarmiding? Yo‘qmi? Ketkaz.
– Qo‘l ostida xodim bo‘lib ishlarmiding? Yo‘qmi? Ketkaz.
– Ikkiyuzlamachiligi, badgumonligi tasdiqlanganmi? Ketkaz.
– U bilan uzoq ishlamoqchi emasmisan? Yo‘qmi? Ketkaz.
Rahbar sifatida eng qiyin ishing — odam ajratish.
Insoniylikni yo‘qotma. Yomonlama. Lekin zaiflik ham qilma. Hayrlash.
Ketadigan odam baribir ketadi.
Savol — u ketguncha qancha zarar qiladi?
Ba’zilar zulukdek yopishadi. Yulib tashlamasang, qon so‘rib yuraveradi.
Sen ham, jamoang ham bundanda sog‘lom va kuchliroq muhitga loyiq.

O‘xshash maqolalar
G‘ayrat, ishdan toza ketgin
Bir necha yil avval fan ustozlarimizdan biri boshqaruvdagi yangi lavozimga hujjat topshirdi. HR suhbatidan keyin kamina bilan gaplashdi. Kamchiliklarini ochiq…
G‘ayrat, layoqatni ko‘tarasan, sadoqatni emas
Bir xodimga asosiy ishidan tashqari qo‘shimcha vazifalar berildi. Alohida haq ham to‘landi. Bir yil o‘rgatdik, yordam berdik. Baribir eplay olmadi. Shuning…
G‘ayrat, xodimni ishdan bo‘shatishga emas, ishni eplab ketishiga tayyorla
Bir necha oy oldin rahbar lavozimiga nomzod bilan 2 soat suhbat qildim. Suhbat oxirida 60–70% eplab ketishiga ishondim. Buni o‘ziga ham ochiq aytdim. Ehtimoliy…