Asosiy mazmunga o‘tish
Ishdan bo‘shatish1 daqiqa o‘qish1 marta o‘qilgan

G‘ayrat, layoqatni ko‘tarasan, sadoqatni emas

Bir xodimga asosiy ishidan tashqari qo‘shimcha vazifalar berildi. Alohida haq ham to‘landi. Bir yil o‘rgatdik, yordam berdik. Baribir eplay olmadi. Shuning…

Abdulloh ShamsutdinovRahimov School hammuassisi va operatsion direktori

Bir xodimga asosiy ishidan tashqari qo‘shimcha vazifalar berildi. Alohida haq ham to‘landi.

Bir yil o‘rgatdik, yordam berdik. Baribir eplay olmadi.

Shuning uchun qo‘shimcha vazifalar ham, ularning haqi ham olindi. Asosiy oyligi esa odatdagi tartibda 10–15 foizga oshirildi.

Xodim norozi bo‘libdi:

— Sadoqatimning evazi shumi? Boshqa joylardan taklif bo‘lsa ham, sizlarni tanlagandim-ku.

Buni eshitgan ikki rahbar mendan so‘radi:

— Bu adolatlimi? Ertaga biz bilan ham shunday bo‘ladimi?

— Ha, — dedim. — Men ham yetarli vaqt va yordamdan keyin rahbarlikni eplay olmasam, vakolatimni topshirishim kerak. Siz ham.

Bu adolatsizlik emas.

Aksincha, o‘sha mas’uliyatni ko‘tara oladigan odamga nisbatan adolat, deb yondashuvni to‘liq tushuntirdim.

Tushunishdi.


Sadoqatli odamni qadrlaysan. Birinchi qiyinchilikda tashlab yubormaysan. O‘rgatasan, imkon berasan, layoqatiga mos joy topasan.

Lekin eplay olmaydigan lavozimda ushlab turmaysan.

Chunki lavozim — uzoq ishlagani uchun beriladigan medal emas. Mas’uliyatni ko‘tara oladigan odamga beriladigan vakolat.

Sadoqatli, lekin layoqati yetmagan odamni ko‘tarsang, uch tomonni qiynaysan:

uning o‘zini;

uning jamoasini;

o‘sishga loyiq xodimlarni.

Shuni aniq bilib ol:

Sadoqat — layoqatingga mos joyda qolishingga sabab.

Layoqat — yuqoriga ko‘tarilishingga.

Telegramdagi asl post
Ulashish:
Abdulloh Shamsutdinov

Muallif

Abdulloh Shamsutdinov

Rahimov School hammuassisi va operatsion direktori

Muallif haqida
Ishdan bo‘shatish

G‘ayrat, ishdan toza ketgin

Bir necha yil avval fan ustozlarimizdan biri boshqaruvdagi yangi lavozimga hujjat topshirdi. HR suhbatidan keyin kamina bilan gaplashdi. Kamchiliklarini ochiq…

2 daqiqa