G‘ayrat, ishdan toza ketgin
Bir necha yil avval fan ustozlarimizdan biri boshqaruvdagi yangi lavozimga hujjat topshirdi. HR suhbatidan keyin kamina bilan gaplashdi. Kamchiliklarini ochiq…
Abdulloh ShamsutdinovRahimov School hammuassisi va operatsion direktoriBir necha yil avval fan ustozlarimizdan biri boshqaruvdagi yangi lavozimga hujjat topshirdi.
HR suhbatidan keyin kamina bilan gaplashdi.
Kamchiliklarini ochiq aytib, bu lavozimga hali tayyor emasligini bildirdim.
Ikki kun o‘tib, ustozlikdan ketish haqida ariza yozibdi.
O‘quv yilining tugashiga bir oy qolgan edi. Hech bo‘lmasa o‘quvchilarini yil oxirigacha olib borishini so‘radik.
Ko‘nmadi.
Uch kun ichida ishini ham, o‘quvchilarini ham yarim yo‘lda tashlab ketdi.
Ishdan ketishga haqqi bor edi.
Xafa bo‘lishga ham.
Lekin mas’uliyatini yarim yo‘lda tashlab ketishga haqqi yo‘q edi.
Ustoz jamoadan ketdi. Ammo yillar davomida yig‘gan obro‘sini uch kunda bir pul qildi
Ertaga boshqa ishxona u haqida fikr so‘rasa, aytadigan gapimiz:
— Ishladi. Lekin oxirigacha turmadi, ketib qoldi.
Maqtashga esa sabab qoldirmadi.
Ishga qanday kirganing muhim. Lekin qanday ketganing undan ham muhim.
To‘g‘ri ketmoqchimisan?
Ishingni tugatib, keyin topshir.
Ortingdan muammo qoldirma.
Senga ishonganlarni yarim yo‘lda tashlama.
Bunga ba’zan bir oy, ba’zan uch oy ketadi. Lavoziming qanchalik muhim bo‘lsa, ishni topshirishga shunchalik ko‘p vaqt kerak bo‘ladi.
Xullas, eshikni yopib ket. Tepib emas.
Chunki odamning asl saviyasi lavozim olganida emas, rad javobini olganida bilinadi.
Qo‘shimcha
Ba’zilar postni “rahbar xodimdan fidoyilik kutyapti” deb tushunibdi.
Yo‘q.
Hech qachon korxonaga ko‘r-ko‘rona sodiq bo‘lma.
Ketish kerak deb hisoblasang, ket.
Lekin toza ket.
Buni korxona uchun emas, o‘zing uchun qil.
Har bir ish joying keyingi ishingga tavsiyanoma bo‘lib xizmat qiladi.
Bugun mas’uliyatsizlik qilib ketgan joying ertaga seni tavsiya ham qilishi, ogohlantirishi ham mumkin.
Rahbarlar gaplashadi.
Tadbirkorlar ham.
Sherik tanlaydiganlar esa bundan ham ko‘proq surishtiradi.
Bir joyda ishini yarim tashlab ketgan odam haqida odatda bitta savol tug‘iladi:
“Ertaga meni ham shunday tashlab ketmaydimi?”
Ishonch shunday yo‘qoladi.
Eng achinarlisi, buni keyin tiklash juda qimmatga tushadi.
Shuning uchun postning mazmuni oddiy.
Ketishga haqqing bor.
Lekin ketayotganingda ham va’dangni bajar.
Ishingni topshir.
Ortingdan muammo qoldirma.
Chunki obro‘ni yangi ish joyida emas, eski ish joyingdan qanday ketganing belgilaydi.

O‘xshash maqolalar
G‘ayrat, layoqatni ko‘tarasan, sadoqatni emas
Bir xodimga asosiy ishidan tashqari qo‘shimcha vazifalar berildi. Alohida haq ham to‘landi. Bir yil o‘rgatdik, yordam berdik. Baribir eplay olmadi. Shuning…
G‘ayrat, xodimni ishdan bo‘shatishga emas, ishni eplab ketishiga tayyorla
Bir necha oy oldin rahbar lavozimiga nomzod bilan 2 soat suhbat qildim. Suhbat oxirida 60–70% eplab ketishiga ishondim. Buni o‘ziga ham ochiq aytdim. Ehtimoliy…
G‘ayrat, bo‘shatishni cho‘zma. Bo‘shatdingmi — berkitma
Ishdan bo‘shatishdagi takrorlanadigan xatolar haqida