Blogga qaytish
Madaniyat shakllantirish|
11.03.2026, 17:30

G’ayrat, chaynasang odamni emas, muammoni chaynagin

To'g'ri muhit shakllantirish haqida

Boshqaruv — 80% suhbat, bilasan. Lekin g‘iybat suhbat emas. Bu chirish.

“U bunaqa”, “bu shunaqa” — eng arzon, eng rasvo mavzu.

Arzon narsaning foydasi deyarli yo’q, bo‘lmaydi ham.

Xato bo‘lsa — egasiga ayt. Orqasidan emas. Uchinchi odam bilan emas. Yuziga.

Muammo turibdi-yu, sen odamning xarakterini muhokama qilyapsanmi? Ishni emas, dramani boshqaryapsan

Tajribali rahbar natijani boshqaradi. Qolganlari quruq gapni.

“Rahbarim eshitmaydi” deysanmi? Bu gapni unutganing o’zingga foyda. Balki yetarlicha to‘g‘ri yetkazmayotgandirsan.

“Siz noto‘g‘ri qildingiz” desang — u yopiladi.

“Mana shu qaror tufayli falon pul yo‘qotyapmiz” desang — u o‘ylaydi.

Hissiyot bilan emas, fakt bilan bor.

Shikoyat bilan emas, yechim bilan kir. Kamida 2 ta variant qo‘y stoliga.

Aql o‘rgatma. Savol ber. “Agar shu yo‘ldan ketsak, xatolik chiqsa rejamiz nima?” Xatoni o‘zi ko‘rsin.

Baribir eshitmasa-chi? Moslashasan, o‘zgartirasan yoki ketasanda.

Lekin nolib yurma — katta odamning ishi emas bu.

Ish qolib, odam haqida gap boshlandimi — tamom.

Ish to‘xtaydi. Ishonch o‘ladi.

Rahbarning vazifasi — odamlarni muhokama qilish emas, muammolarni yechish.

Unutma, g‘iybatchi va fitnachi — tizimdagi zang. Tez yuqadi. Ba’zan muammo u bo’ladi.

Zaharli xulqni, fitnachini aniqladingmi, vaqtida voz kech.

Voz kechmasang, oxiri o’zingga ham yuqadi, bilmay qolasan. Va bunda kech bo’ladi.

Ulashish:
A

Abdulloh Shamsiddin

Menejment bo'yicha ekspert va murabbiy. Professional konsultant.